Simsiz ustunlar va suvsiz quvurlar
Chala ishlardan charchagan kattabog‘liklar dardini kimga aytishni bilmayapti
Yakkabog‘ tumanidagi «Kattabog‘» mahalla ahli bir necha yilki, turli tashkilotlardan ichimlik suv hamda elektr energiya ta’minotidagi muammolar yechimi yuzasidan amaliy yordam so‘rashadi.
– Ko‘chalardagi qo‘lbola simyog‘ochlarni ko‘rsangiz, qo‘rqib ketasiz, – deydi shu mahallada yashovchi Husan Zokirov. – Qattiqroq shamol esgan vaqtda sinib ketgan holatlar ham bo‘ldi. Ko‘chalarga beton ustunlar qadash va yuklamalarni kamaytirish uchun transformator punkti o‘rnatib berishlarini so‘rab, 5-6 yildan beri murojaat qilamiz. «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» aktsiyadorlik jamiyati direktori A.Muzapov imzosi bilan bir nechta javob xatlari oldik.
Javob xatidan parcha:
«...Ma’nan eskirgan elektr qurilmalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.11.2016 yildagi «2017-2021 yillar davrida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish Dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2661 sonli qaroriga asosan bosqichma-bosqich rekonstruktsiya-modernizatsiya qilib berilayotganligi ma’lum qilinib, siz yashaydigan manzilda ta’mirtalab elektr tarmoqlarini 2022 yil 1-chorakda amalga oshirilishi mumkinligini sizga ma’lum qilaman».
Umuman olganda, amaliy yordam so‘rab, yozgan xatlarimizning hech birida muammoga e’tiroz yo‘q. Hammasida ijobiy tadbirlar ko‘rsatilgan. Ularga javoban soha mutaxassislari mahallamiz ko‘chalariga 64 ta beton ustun o‘rnatishni belgilashdi. Shundan o‘tgan yili beton ustunlarning yarmini o‘rnatishdi. Qolgani hali yo‘q. O‘rnatilgan ustunlarga, oradan bir yil o‘tsa-da, sim tortilmagan. 300 dan oshiq xonadonga xizmat qilayotgan transformator punktining quvvati yetmayapti. Aholi sonidan kelib chiqib, yana bitta transformator ajratishsa, yaxshi bo‘lardi.
Darhaqiqat, ko‘chalarni aylanar ekanmiz, o‘rnatilgan beton ustunlarga kabel tortilmaganining guvohi bo‘ldik, ketmondastadan yo‘g‘onroq simyog‘ochlarni ko‘rib, ularni tezda almashtirish zarurligi, aks holda, bu xavfsizlik talablariga aslo javob bermasligining shohidi bo‘ldik.
– Uch nafar farzandim bor. O‘zim II guruh nogironiman, – deydi shu mahallada yashovchi Sherzod Rahimov. – Biz suvni sotib olib yoki tashib kelib ichamiz. 2021-2022 yillarda ichimlik suv inshootlarini qurish Investitsiya davlat dasturiga ko‘ra, mahallada qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Ammo 2021 yilning 4-choragida boshlangan ish oxiriga yetmay qoldi. Ketma-ket qilingan murojaatlarimizdan so‘ng, «Qashqadaryo suv ta’minoti» MChJ direktori X.Usmonov imzosi bilan 2022 yil 29 avgustda quyidagicha mazmunda javob xati keldi.
Javob xatidan parcha:
«...Mazkur qurilish ishlari «Grand Samir Yuksal» MChJ tomonidan 2021 yilning 4-choragida boshlab yuborilgan edi. Mablag‘ to‘lig‘icha ajratilmaganligi sababli qurilish ishlari ma’lum vaqt to‘xtab qolganligi aniqlandi.
Hozirgi kunda mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Mazkur qurilish ishlari joriy yilning 4-choragida to‘lig‘icha tugatilishi, aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanishi to‘g‘risida fuqaroga tushuntirildi».
Hozir 2023 yilning yoz fasli. Fuqaro Sherzod Rahimovning aytishicha, garchi mahalla ko‘chalariga suv quvurlari yotqizilib, jo‘mraklar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, suvning o‘zidan hamon darak yo‘q.
Vaziyatdan ko‘rinib turibdiki, aholining xafa bo‘lganicha bor. Beton ustun o‘rnatilsa-yu, sim tortilmasa, «vodoprovod» jo‘mragi qo‘yilsa-yu, unda suv bo‘lmasa, yana nima deyish mumkin?
Albatta, hamma ishni bir yo‘la qilib bo‘lmaydi. Har bir tadbir bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ammo bu aholi ishonchsizligiga sabab bo‘lmasligi kerak.
Mas’ullar buni to‘g‘ri tushunishlari va kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish choralarini ko‘rishlari shart!
Akmal ABDIYeV
«ISHONCH»



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0