Endi profilaktika inspektori yo‘l harakati qoidalarini buzganga maʼmuriy jazo qo‘llaydi
Davlat rahbarining 2026 yil 4 sentyabrdagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘linmalarining faoliyati bir qator ustuvor ishlash mexanizmlari asosida yaxlit tizim sifatida tashkil etiladi.
Jumladan, xizmat yo‘nalishi va xizmat o‘tash hududidan qatʼi nazar, fuqarolarning murojaatlari va xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, aholi bilan bevosita yaqindan va ochiq muloqotga kirishish hamda ularning huquqbuzarlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarini hal etishda ko‘maklashish, bevosita joylarning o‘zida huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan kunlik asosda manzilli profilaktik ishlarni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlar nazarda tutilgan.
Shuningdek, profilaktika inspektorlariga ko‘rib chiqish vakolati doirasidagi birinchi marotaba sodir etilayotgan 17 turdagi kam ahamiyatli maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha maʼmuriy ogohlantirish jazosini qo‘llash; yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq 4 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha maʼmuriy jazo qo‘llash; tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlarining vakolatidagi 9 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va maʼmuriy jazo qo‘llash kabi qo‘shimcha vakolatlar beriladi.
Shuningdek, profilaktika inspektorining vazifasini bajarishiga xalaqit berganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0