"Murabbiy Ravshan Haydarovga ishonib bo‘lmaydi"
Kecha, U-23 O‘zbekiston – Xitoy o‘yinining oltinchi daqiqasi atrofida sharhlovchi Xayrulla Hamidov: “Keyingi bosqichda Vetnamga qarshi o‘ynaymiz ekan”, deb qo‘ydi. Soniyalar ichida naqadar noto‘g‘ri gapirganini anglab, “xudo xohlasa”, deya qo‘shimcha qildi.
Demak, sharhlovchilarda o‘z futbolchilarimizga ishonch shunchalar yuqori edi. Hatto butun O‘zbekistonlik futbol muxlislari orasida ham ana shunaqa ishonch hukmron edi.
Holbuki, hatto Xayrulla ham ta’kidlaganidek, Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda yutuqqa hech qanaqa umid yo‘q edi.
Men ham karislarga yutqazamiz, deya ishongandim. Va o‘yinni ko‘rmaslik harakatida edim. Ammo... muxlislik qursin, o‘yin boshlanishini kutib o‘tirdim va ko‘rdim. Va ikkinchi taymda bolalarimizning ajoyib o‘yinlariga guvoh bo‘lgan edim.
Xitoyga qarshi o‘yinda esa... aynan yutuqqa bo‘lgan yuksak ishonch O‘zbekistonni mag‘lubiyatga yetakladi. Bolalarimiz kuchli edi. Xitoyni yenga olar edi. Bu mag‘lubiyat murabbiyniki. – Ravshan Haydarovniki.
Biz o‘yinning boshidan to oxiriga qadar bitta taktikada o‘ynadik. – Uzoqdan zarbalar yo‘llayverdik. Xitoy taktik jihatdan bizni yengdi. Biz o‘qimoqchi bo‘lgan kitobni ular o‘zlari yozgan ekan. Bizda V, S variantlar yo‘q ekan. Shu qadar...
Yana bir xatomiz: Xitoyga qarshi 90 minut davomida biz bironta ham futbolchini almashtirmadik. Holbuki, karislarga qarshi o‘yinda ikkinchi taym boshida ikki yigitni almashtirgan, aynan o‘shalar bizni g‘alabaga boshlagan edi.
Nima, bizda sa’viyali futbolchilar shu qadar taqchilmidi!? Nega Ravshan Haydarov faqat 11 nafar o‘yinchini o‘ynatdi?. Qolgan 11 tasi faqat “morojni” yeb kelishga borganmidi!?
Biz keyingi Olimpiada uchun o‘ynashi mumkin bo‘lgan 21 yoshlilarni musobaqaga olib borgan ekanmiz, bu yo‘lda Ravshan Haydarovga ishonib bo‘lmaydi. Bu termani tezroq Islom ISMOILOVga topshirish kerak.
Ravshan Haydarov haqiqatan ham “omadli” trener edi. 2015 yilmidi, uning yetakchiligida U-20 jahon chempionatiga borganimizda, Dostonbek Hamdamov Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lganida, biz guruh bosqichida bor-yo‘g‘i uch ochko olgan va baxtli tasodif tufayli keyingi bosqichga chiqqan, 1/8 finalda esa kimnidir yengib, keyin ¼ finalda kimgadir yengilgan edik. Va o‘shanda ham terma jamoamiz faqat bitta tarkib bilan o‘ynagani, shu sababli charchab qolgani, shu sababli ¼ finalda yengilganimizni ta’kidlashgan edi. Demak,... qisqasi... ko‘prik ustidagi vaziyatlarda, ya’ni yo u yoqli-yo bu yoqli bo‘ladigan vaziyatlarda Ravshan Haydarov variantidan voz kechish talab etiladi.
Ravshan Haydarov davri o‘tdi.
Ravshan Haydarov davri tugadi.
Ravshan Haydarovga rahmat aytishimiz, minnatdorchilik bildirishimiz va undan voz kechishimiz shart.
Biz olg‘a yurarkanmiz, keyingi Olimpiadaga bormoqchi ekanmiz, ana shu taxlit keskin qarorlar qabul qilaylik.
Abduqosim Mamarasulov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0