Yo‘l harakati qoidalarini o‘qitishga jiddiy qarash vaqti kelmadimi?
Mavzuni o‘rganish jarayonida poytaxtimizdagi 110- va 145- maktablar oldiga borib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdik. Ulardan «Maktabda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish uchun maxsus jihozlangan xona bormi? Siz u yerga kirgansizmi?» deb so‘radik.
Ko‘pchilik o‘quvchilar bunday xona borligini bilmasligini, ayrimlari esa umuman kirib ko‘rmaganini aytishdi. Faqat bir-ikki nafar o‘quvchigina maktabda shunday xona mavjudligini ta’kidladi.
Bor bo‘lsa ham, bu xonaga hamma o‘quvchilar ham kirmagan. Biz Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishda eng namunali hisoblangan 256-maktabda bo‘lganimizda ham u yerda maxsus xona faqat ko‘rgazmali plakatlardan iboratligini ko‘rdik. Amaliy va jonli darslar o‘tish uchun esa sharoit yetarli emas.
2022 yil aprelda Vazirlar Mahkamasining 212- sonli qarori tasdiqlanib, unda Ichki ishlar vazirligiga Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda «Harakat xavfsizligi sinfxonalari» namunaviy loyihalarini ishlab chiqib, ushbu loyihalar asosida 2022 — 2025 yillarda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida «Harakat xavfsizligi sinfxonalari»ni tashkil etish dasturi va ijrosini ta’minlash belgilangan. Qarorga binoan umumta’lim maktablarida yo‘l-harakati qoidalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan maxsus xonalardan tashqari, amaliy darslar uchun maydonchalar tashkil etilishi belgilangan. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramasdan, o‘quvchilarga yo‘l-harakati qoidalarini o‘rgatish qoniqarsiz ahvolda. Oqibatda esa darsdan qaytayotganda, repititorga borayotganda, ko‘chaga, do‘konga chiqqanida qanchadan-qancha bolalar yo‘l transport hodisalarida halok bo‘lmoqda. Albatta, unda qoidabuzar haydovchilarning ham katta aybi bor, ammo havfni his qilish xususiyatining shakllantirilmayotgani, ehtiyotkorlikka yaxshi o‘rgata olmayotganimiz ham bolalarimizni qiyin va baxtsiz hodisalarga duchor etmoqda.
Statistika.. Qani edi u haqda bilmasak…
Ichki ishlar organlari va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yo‘l-transport hodisalarida yuzlab bolalar jabr ko‘radi. Ularning ko‘pchiligi maktabga borayotganda yoki qaytib kelayotganda halokatga uchraydi. Avtobusdan tushib yo‘lni kesib o‘tish, piyodalar yo‘lagidan yurish yoki kattalar nazoratisiz harakat qilish ba’zan fojia bilan yakunlanmoqda.
Eng achinarlisi, ayrim mamlakatlarda bolalar o‘rtasidagi og‘ir kasalliklardan ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari ko‘proq hayotga zomin bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekistonda 2024 yilda 2199 nafar odam YTHda vafot etgan bo‘lib, ularning 281 nafarini bolalar tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 2188 nafar o‘lim holati ko‘rsatkichining 245tasi bolalarga taaluqli. Shuning uchun bu masalaga faqat haydovchilarning mas’uliyati sifatida qarash yetarli emas. Avvalo, bolalarni xavfsiz harakat qilishga o‘rgatishimiz kerak. Xo‘sh, bugun zamonni interaktiv texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydigan, quruq ma’ruzalar quloqqa kirmaydigan bir davrda dunyo davlatlari o‘z bolalariga yo‘l harakati qoidalarini va xavflarini qanday o‘rgatmoqda?
Germaniya tajribasi
Bolalar xavfsizligi bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan davlatlar yo‘l qoidalarini oddiy fan emas, balki hayotni saqlab qolish ko‘nikmasi sifatida o‘rgatadi.
Germaniya bu borada eng ilg‘or davlatlardan biri hisoblanadi. Mazkur davlatda yashayotgan yurtdoshimiz Ma’rifat Nurning aytishicha, ilk bilimlar bog‘chada sodda, biroq amaliy o‘tiladi. Maktabda esa yo‘l harakati tarbiyasi birinchi sinfdan boshlanadi. Bolalar maxsus mashg‘ulot maydonchalarida velosiped haydash, piyoda harakatlanish va xavfli vaziyatlarni aniqlashni amalda o‘rganadi. Bu jarayonda maktab, politsiya va ota-onalar hamkorlikda ishtirok etadi. Germaniyada hatto maktab yo‘llari bo‘yicha maxsus mashqlar va velosiped imtihonlari o‘tkaziladi.
Bolalar uchun tashkil etiladigan darslar juda ta’sirchan bo‘lib, politsiya xodimlari maxsus manekenlar yoki sahnalashtirilgan vaziyatlar orqali mashina zarbasi qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib berishadi. Natijada o‘quvchilar o‘z ko‘zi bilan xavfni ko‘rib, qoidalarni kitobdan o‘qiganidan ko‘ra yaxshiroq eslab qoladi.
– Bir safar men ham maktabning maxsus maydonchasidagi shunday tadbirda qatnashdim, – deydi Ma’rifat Nur. – Politsiyachi amaki burnining ustidan yasama uzun burun taqib oldi. Yo‘l chetida belgilangan joyda turmasdan ichkariroq turgani uchun, yurib kelayotgan mashina uning burnini urib ketdi va u yerga dumaladi. Shunda politsiyachi «Ana, ko‘rdingizmi, belgilangan joyda turmaganim, shoshim o‘tmoqchi bo‘lganim uchun, mashina burnimga zarar yetkazdi. Boshqa safar qo‘lim yoki oyog‘imga zarar yetkazishi mumkin. Hattoki, butun tanamni urib ketsa, vafot etishim ham hech gap emas» deya tushuntirdi. Yo‘l qatorlaridagi ko‘rinmas havflarni kichik eletromobilchalar yordamida ko‘rsatib berishdi. O‘sha mashg‘ulot nafaqat bolalar, balki biz ota-onalar uchun ham qiziqarli bo‘lgandi.
Yaponiya amaliyoti butun dunyo uchun namuna
O‘zbekistonda ko‘ngilli volontyor bo‘lib ishlagan pedagog-psixolog Satoko Ogava Yaponiya tajribasi haqida gapirar ekan, yo‘l harakati xavfsizligi ta’limi butun o‘quv jarayoniga singdirilganini ta’kidladi. Bolalarga faqat qoidalar emas, xavfni oldindan sezish va baholash ko‘nikmasi ham o‘rgatiladi. Darslar alohida tarzda ham, jismoniy tarbiya, sinf soatlari va maxsus mashg‘ulotlar bilan birlashtirilgan tarzda ham bo‘lib o‘tadi. Maktab – politsiya – oilalar hamkorlikda maxsus seminarlar tashkil etiladi. Unda amaliyot maydonchalarida kaskadyorlar ishtirokida yo‘l-transport hodisalari sahnalashtiriladi. Bolalar xavfli harakatning oqibatini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Mutaxassislar fikricha, bunday amaliyot bolalar xotirasida uzoq saqlanadi va xavfsizlik madaniyatini shakllantiradi. Shu bois bunday jonli yo‘l harakati darslari butun dunyoda qiziqish uyg‘otmoqda.
Ichki ishlar xodimi qachon darsga kirgan?
O‘quvchilar bilan muloqotimizda biz ularga ushbu savol bilan ham yuzlandik. Afsuski, javoblar qoniqarsiz bo‘ldi. Kimdir «Ha kirgan, qaysi bir yili, aniq esimda yo‘q» degan javvobni bersa, ayrimlari «Yo‘q, bizda bunday dars bo‘lmagan» dedi, ayrimlar esa joriy o‘quv yilida bir marta shunday uchrashuv bo‘lganini esladi.
Darsliklarda yo‘l qoidalariga oid mavzular bormi?
Bir paytlar yo‘l-harakati qoidalarini o‘rganishga bag‘ishlangan alohida darslar hozir yo‘q, qisqarishga uchragan. Biroq u qaysidir fan ichida qo‘shib o‘tilsa kerak, degan fikrda edik. Biz suhbatlashgan pedagoglar ham «Kelajak soati» va «Tarbiya» darslaridagina yo‘l qoidalari haqida mavzular bo‘lishi kerakligini bayon etishdi. Ammo 256- maktabga borib, darsliklarni topib, aynan shu fanlardan mashg‘ulot o‘tadigan ustozlar bilan gaplashiganimizda ko‘rdikki, «Kelajak soati»ga kiritilgan mavzular ichida yo‘l qoidalariga bag‘ishlangani yo‘q. «Tarbiya» darsida esa 2- va 4- sinf darsligida bir soatdan jamoat transporti haqidagi mavzu kiritilgan xolos. Ana shu mavzular o‘tilganda, muallimlar yo‘l qoidalari haqida ham gapirib ketishar ekan. Amaliy darslar esa, agar ularni «amaliy dars» deb atash mumkin bo‘lsa, ko‘rgazmali qurollar asosidagina butun maktab o‘quvchilari uchun bir yilda bir marta o‘tilsa o‘tiladi, bo‘lmasam yo‘q.
Endi aytingchi, yo‘llarda nobud bo‘lgan bolalar tirikligida maktabida bunday darslarda qatnashganmikan? Agar ularga amaliy darslarda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tish, haydovchilarning ko‘rish burchagi, tormoz masofasi va yuqori tezlikning xavfini his qilish kabilar o‘rgatilganida 2024 yildagi 281 nafar bolaning yoki 2025 yilda vafot etgan 245 bolaning 50 yoki 30 foizi, hech bo‘lmaganda 10 foizi o‘sha darsdagi bilimlari as qotib, tirik qolgan bo‘larmidi?
Nazariya kam, amaliyot esa umuman yetishmaydi
Mavzuni o‘rganish chog‘ida biz intervyu olgan bolalarning javobidan aksariyat maktablarda piyodalar yo‘lakchasi maketi, svetofor modeli, velosiped maydonchalari, yo‘l belgilarini amalda o‘rganish imkoniyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar bolalarning yo‘ldagi xavfni to‘liq anglash qobiliyati 12–14 yoshlarda shakllanishini ta’kidlaydi. Shu sababli ularni erta yoshdan tayyorlash muhim. Bolalar uchun xavfsiz yo‘l muhitini yaratish faqat yo‘l belgilarini yodlatish bilan cheklanmasligi kerak. Qolaversa, TikTok, YouTube va videoo‘yinlar davrida bolaga yo‘l-harakati qoidalarini faqat og‘zaki tushuntirish yetarli emas. Ular real ko‘chalarda mashq qilishi, piyodalar yo‘lakchasidan o‘tishni amalda bajarishi, haydovchilarning ko‘rish burchagi, tormoz masofasi va yuqori tezlikning xavfini his qilishi lozim. Chorrahalardagi yo‘l-harakati nazariyasida «qarmoq» deb ataluvchi xavfli holatlar qaysi paytda yuz berishi, qachon bola uning domiga tushib qolishi mumkinligi ko‘rsatib berilmas ekan, «quruq» o‘rgatayotganimiz samara bermaydi. Taklifimiz, Ichki ishlar va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorlikda darsliklarga bunday mavzularni kiritishi, ularni plakatlar orqaligina emas, balki amaliy va jonli darslar orqali o‘rgatish chora-tadbirlarini ko‘rishi zarur va lozim.
Yurtimiz maktablarida ham yo‘l-harakati qoidalari bo‘yicha zamonaviy o‘quv maydonchalari, mini-ko‘chalar, svetoforlar va interaktiv simulyatorlar tashkil qilish vaqti allaqachon kelgan.
Chunki yo‘llarimiz avtoulovlar bilan to‘la bir davrda ularga “ehtiyot bo‘l” deyishning o‘zi kamlik qiladi. Bolalarni xavfni his qilishga o‘rgatsakkina, ularning sog‘lig‘ini ham asray olishimiz mumkin.
Zebo NAMOZOVA
«ISHONCH»


Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0