Ish haqi oyda necha marta to‘lanishi kerak?
Savol: Ish haqi oyda necha marta to‘lanishi kerak va to‘lov kechiktirilsa ish beruvchiga qanday javobgarlik bor?
Savolga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat kengashi mehnat huquq inspektori Murod Arslonov javob beradi:
— O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 253-moddasiga asosan, ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida belgilanadi va har yarim oyda kamida bir marta (odatda avans va oxirgi hisob-kitob) to‘lanishi shart.
Ish haqi to‘lovi ish beruvchining aybi bilan kechiktirilgan taqdirda, qonunchilikda xodimning moddiy manfaatlarini himoya qiluvchi aniq kafolatlar belgilangan. Xususan, Mehnat kodeksining 333-moddasiga muvofiq, ish beruvchi to‘lov kechiktirilgan har bir kun uchun xodimga Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqqan holda kompensatsiya (foiz) to‘lashi shart.
Bundan tashqari, ish haqini o‘z vaqtida to‘lamaslik Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan mehnat qonunchiligini buzish deb baholanadi va mansabdor shaxslarga nisbatan jarima solishga sabab bo‘ladi. Agar xodimlarning ish haqi olinmay qolishi yoki kechiktirilishi holatlari bo‘yicha huquqlaringiz buzilsa, hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlariga bevosita murojaat qilishingiz mumkin.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0