Xokkeychilar munosib kutib olindi
Xabaringiz bor, xokkey bo‘yicha O‘zbekiston U18 terma jamoasi Gonkongda o‘tkazilgan jahon chempionatining III divizion bahslarida “A” guruhida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Murabbiylar Dmitriy Makarov, Abdurashid Musaliyev, Aleksey Petrov boshchiligida baxs olib borgan yosh xokkeychilarimiz o‘tkazilgan 5 uchrashuvning barchasida ishonchli g‘alabaga erishishdi. Shu tariqa ular kelasi yil jahon chempionatining II divizion “V” guruhida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Tarkibdagi yosh xokkeychilarning 18 nafari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining sportchilari ekanini ta’kidlashimiz kerak.
Jumladan, jamoa yetakchisi, kasaba uyushmalarining iqtidorli xokkeychilaridan biri Salohiddin Azimovning o‘yini alohida e’tirofga loyiq bo‘ldi. U 5 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 8 ta shayba kiritib, yana 11 ta golga assistentlik qildi va musobaqa tashkilotchilari tomonidan jahon chempionatining ushbu divizionidagi “Eng yaxshi hujumchi”, deb topildi.
Kecha jamoamiz yurtimizga qaytib keldi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Yosh chempionlarni kutib olish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, xokkey Federatsiyasi mutasaddilari, sportchilarning oila a’zolari hamda keng sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Qahramon sportchilarga samimiy tabriklar va ezgu tilaklar bildirildi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0