Sport
783 14:11 | 08.04.2026 14:11

– Kundalik bir xil ish tartibi, kompyuter va mobil qurilmalar qarshisida uzoq vaqt o‘tirish bizni biroz toliqtirgan edi. Turnir esa kayfiyatimizni ko‘tardi, o‘zaro yaqinlashishimizga va yangi kuch bilan ishga qaytishimizga turtki berdi, – deydi “Aloqabank” AT Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va rivojlantirish markazi menejeri Sevinch Nuriddinova.


O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan soha vakillari o‘rtasida stol tennis musobaqasi o‘tkazildi. Unda 20 ga yaqin tashkilotdan 1000 ga yaqin ishtirokchi qatnashib, saralash bosqichlaridan so‘ng 40 nafar eng kuchli sportchi Toshkent shahridagi finalda bellashdi.


Musobaqa 7 aprel — Butunjahon salomatlik kuniga bag‘ishlanib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni sportga jalb etish va mazmunli hordiq chiqarishni maqsad qildi. Kunni asosan kompyuter qarshisida o‘tkazadigan mutaxassislar uchun turnir muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi.


Stol tennisi jismoniy va ruhiy salomatlikni mustahkamlab, diqqat va tezkor fikrlashni rivojlantiradi. Shu sababli ushbu musobaqa yosh mutaxassislarning ish samaradorligini oshirish, ularni sportga keng jalb etish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.


Yakunlarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Rustam Bobomurodov, ayollar o‘rtasida Halida Rahimova g‘olib bo‘ldi. G‘olib va ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Diyora Ravshanova
Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0