Adliya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari diqqatiga!
«MChS» NOMINI SOTAYoTGAN MChJLAR yoxud qonunlarimiz ayrim tadbirkorlarning shunday tirikchilik qilishlariga yo‘l beryaptimi?
O‘t o‘chiruvchilar uyma-uy yurib, aholidan o‘zlarining cho‘ntagi uchun «soliq» undirishlari mumkinmi? Bundan etti yil avval – «Ishonch» gazetasining 2019 yil 13 iyundagi sonida «Favqulodda to‘lov ... haqiqiymi?» sarlavhali maqola orqali shu savolga javob izlash asnosida jiddiy bir muammo hamda uning yuzaga kelishiga davlat idoralarining qonuniy ruxsati imkon berayotgani xususidagi munozaralar jamoatchilik eʼtiboriga havola etilgandi.
Tasavvuringizni tiniqlashtirish uchun maqolada tasvirlangan masalani qisqacha bayon qilaylik. O‘sha yillari ayrim tadbirkorlar «Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va qo‘riqlash xizmati», «Favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasi», «Andijon vodiy sifat (?) yong‘inni oldini olish», «Namangan yong‘indan saqlash», «Vodiy sifat yong‘inni (?) oldini olish», «Yong‘inga qarshi tezkor kurashish» kabi nomlar ostida MChJlar tashkil etishib, xodimlari mahallama-mahalla kezib, xonadonlardan yig‘im undirishni odatga aylantirib olishgandi. Undiruv jarayonidagi mexanizm shundayki, soddaroq odamlarga «MChS»danmiz» deya davlat idorasi nomidan talab qo‘yiladi. Haq-huquqini bilgan, savol berishni boshlaydigan hamyurtlarimizga esa faoliyatini to‘liqroq tanishtirib, xizmatini taklif qilishadi.
Xizmatning mohiyati quyidagicha: siz eshigingizni qoqqan MChJ vakiliga ixtiyoringizga ko‘ra, ikki tomonlama shartnoma asosida 30 ming yoki 50 ming so‘m pul o‘tkazasiz. Shu sanadan boshlab bir yil davomida xonadoningizda biror kor-hol ro‘y bersa, deylik, sel kelsa yoki yong‘in chiqsa, MChJ sizga bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 yoki 10 baravari miqdorida moddiy yordam ajratadi. Qisqasi, gazetamizdagi o‘sha chiqishda yovvoyi qo‘ziqorinday ko‘paygan bu kabi firmalar xodimlarining tuturuqsiz xatti-harakatlari misollar asosida qalamga olingandi.
Xo‘sh, tanqidiy maqola qanday aks-sado berdi?
Har holda, qumga singgan suvdek izsiz ketmadi. Avvaliga maqola televidenieda aks-sado berdi. Yaʼnikim «O‘zbekiston» telekanalining «Munosabat» tok-shousi ijodkorlari dasturning bitta sonini maqolada ko‘tarilgan mavzuga bag‘ishlab, ochiq muhokamaga daxldor idoralar, xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislarini ham taklif qilishdi. Muloqot jarayonida muammo vazirlik vakillarini ham anchadan beri tashvishga solib kelayotgan bo‘lsa-da, tadbirkorlar faoliyatiga aralashuv mumkin emasligidan qo‘llari bog‘langani maʼlum bo‘ldi. Yana bir jihatki, go‘yoki «MChS» soyasida «pul yig‘ishga ixtisoslashgan» MChJ va korxonalar soni biz o‘ylaganday 15-20 ta emas, respublika bo‘yicha 700 dan ziyod ekani ayon bo‘ldi.
Bu orada maqola yuzasidan prokuratura organlari ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi. Garchi jinoyat alomatlari topilmagan bo‘lsa-da, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining surishtiruvi, televideniening qo‘llab-quvvatlovi, qolaversa, Favqulodda vaziyatlar vazirligining keng targ‘ibotlari sabab hujjatda qonuniy, ammo amaliyotda noqonuniy va g‘irrom yo‘llar bilan daromad qilayotgan o‘nlab MChJlar taʼsischilari «eslari borida etakni yopishdi». Bugun ochiq manbalar orqali izlasangiz, qalamga olingan qator firmalar allaqachon faoliyatini to‘xtatganligi ko‘rinib turibdi.
Xo‘sh, maqola yaxshigina natija bergach, etti yildan so‘ng mavzuga qaytishga ne hojat?
Gap shundaki, bir necha yillik sokinlikdan so‘ng hududlarda, jumladan, Andijonda ayni turdagi «faoliyat» yana jonlanib qoldi. Mahallalarda faol tarzda pul yig‘ish bilan shug‘ullanayotgan yigit-qizlar safi kengayayotgani haqidagi gap-so‘zlar tez-tez quloqqa chalinyapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqda tarqagan suratlardan ana shunday tadbirkorlardan biri shovvoz xodimining guvohnomasiga hech tap tortmay «Yong‘in xavfsizligi bo‘limi noziri» deb zarb urib berganini ko‘rish mumkin. Guvohnomaga ilova qilingan, «nusxa ko‘chirish qatʼiyan man etilishi» ogohlantirilgan pattada esa «tabiiy ofatlar natijasida xonadonga etkazilgan zararni qisman qoplash uchun ikki tomonlama shartnomaga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha moddiy yordam ajratilishi», buning uchun fuqaro to‘laydigan mablag‘ miqdori 100 ming so‘m ekanligi qayd etilgan. Xullas,hujjatda ixtiyoriy, aslida esa yong‘in xavfsizligini bartaraf etishga masʼul davlat idorasi nomini sotib, pul yig‘ish amaliyoti. Darhaqiqat, surishtiruvlarimizdan maʼlum bo‘ldiki, Andijon viloyatining
Jalaquduq tumanida tadbirkorlardan biri tomonidan 2024 yilda «Yong‘in xavfsizligi bo‘limi» nomi ostida masʼuliyati cheklangan jamiyat tashkil etilgan.
Qizig‘i shundaki, ochiq maʼlumotlar bazalaridan ayni paytda nomida «Yong‘in» so‘zi ishtirok etgan 100 dan ortiq subʼekt borligini ko‘rish mumkin. Qonun bilan niqoblangan, aslida odamlarni aldab, chuv tushiruvchi, g‘irrom faoliyatga asoslangan bu kabi tadbirkorlik subʼektlari urchib ketishining oldi nega olinmayapti?
Qonunga ko‘ra, firma nomlari adashtirib yuborish darajasida bir xil bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan, Adliya vazirligi tadbirkorlik subʼektlarini ro‘yxatga oluvchi davlat xizmatlari markazlarida nega mana shu jihatga cheklov qo‘ya olmaydi?
Qolaversa, xat-hujjatni yaxshi tushunadigan biror kim astoydil surishtirsa, pul undiruvchi uddaburonlar taqdim etayotgan pattalarda qayd etilgan kelishuv shartlari – favqulodda holatlarda ziyonni qoplash uchun moddiy ko‘mak ajratish bilan bog‘liq jihat mohiyatan sug‘urta kompaniyalari faoliyatiga monand. Shunday ekan, sug‘urta xizmati ko‘rsatish bilan bog‘liq litsenziyasi bo‘lmasa-da, MChJlarning yo‘nalishlari va nizomi nima uchun ro‘yxatdan o‘tkazib berilyapti?
Mana shu ikki savolning javobi jiddiy o‘ylanib, amaliy chora-tadbirlar ko‘rilsagina, beli og‘rimay pul topish uchun odamlarning «ko‘zini o‘yib» olishga ham tayyor «tadbirkor»larning faoliyatini tizimli ravishda cheklash mumkin.
Nurillo NO‘ʼMONOV
«ISHONCH»
“Ishonch” gazetasining 2026 yil 5 sentyabr, 109-sonidan olindi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0