Kredit qarzi bor fuqaroning kartasidagi pulning hammasi yechilmaydi — yangi cheklov taklif qilindi

214 12:19 | 05.09.2026 12:19

Markaziy bank bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi tartibni taklif qilmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra, bank kredit yoki kafillik bo‘yicha qarzni mijozning topshirig‘isiz uning barcha bank kartalaridan undirganda, ma’lum miqdordagi mablag‘ni saqlab qolishi kerak bo‘ladi.


Hozirgi hisob-kitob bo‘yicha bu summa — 680 ming so‘m.
Sababi, loyihada mijozning kartalarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmi saqlab qolinishi belgilanmoqda. Hozir MHTEKM 1 mln 360 ming so‘m bo‘lgani uchun uning yarmi 680 ming so‘mni tashkil etadi.


Ya’ni mijozning turli bank kartalaridagi mablag‘lar kredit qarzi uchun avtomatik undirilganda, jami kamida 680 ming so‘m qoldirilishi nazarda tutilmoqda.


Istisno bor: agar mijoz kredit to‘lovlarini undirish uchun muayyan kartani shartnomada ko‘rsatgan yoki bankning mobil ilovasi/internet-bankingi orqali oldindan biriktirgan bo‘lsa, mazkur cheklov unga tatbiq etilmaydi.


Oddiy qilib aytganda, yangi tartib kredit qarzi sabab mijozning boshqa kartalaridagi pulning to‘liq yechib olinib, uni mablag‘siz qoldirish holatlarini cheklashga qaratilgan
Bu hozircha qaror loyihasi. U qabul qilingan taqdirda, rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilanmoqda.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid